Yangi Zelandiyada kuchli shamol minglab aholini elektrsiz qoldirdi

Yangi Zelandiyada tezligi soatiga 155 kmgacha yetgan kuchli shamollar mamlakat bo‘ylab katta talafotlar keltirib chiqardi. Taxminan 90 ming uy elektrsiz qolgan, yuzdan ortiq parvozlar bekor qilingan.Meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shamollar o‘lkaning janub va shimoliy hududlari aksariyat qismini qamrab olgan. Hukumat Kenterberi va Vellington mintaqalarida qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qildi.

Yangi Zelandiyada kuchli shamol minglab aholini elektrsiz qoldirdi
Фото: BBC

Fuqarolarga o‘z uylarida qolish, sayohatlardan vaqtincha tiyilish, elektr hamda aloqa uzilishlariga tayyor turish tavsiya etildi. Elektr tarmoqlari asosan janubiy orolda ishdan chiqqan, ammo muhandislar uzatishni bosqichma-bosqich tiklay boshlagan. Ayrim joylarda uy tomlari uchib ketgan, daraxtlar va elektr ustunlari qulagan.

Vellington shahrida esa bir erkak daraxt shoxining bosib qolishi oqibatida halok bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, kuchli shamollar Yangi Zelandiyadagi “ish tashlash” namoyishlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Ayrim mitinglar yopiq joylarga ko‘chirildi yoki butunlay bekor qilindi.

Shunga o‘xshash shamol oqimi Avstraliyaning ayrim hududlarida ham kuzatilmoqda. Issiq ob-havo sababli u yerda yong‘in xavfi ortgan va olovga qarshi ogohlantirishlar berilgan.

Сўнгги хабарлар